Aziz va Hurmatli Tildoshlar Salom,
Siz foydalanmoqchi boʻlib turgan ushbu soʻzlik Tolibon hokimiyati chogʻi, muhojirlikda Toshkentda yashab turgan paytlarimizda 4-5 yil cho’zig’ida tinimsiz va izchil ish va mehnat tufayli taʼlif etilgan. Kitob Eronning “Shoʻroi gustarish-i zabon Forsiy” otli idorasining farmoyishi va homiligi asosida, Oʻzbekistondagi Eron elchixonasi, Farhangi royzanligi orqali amalga oshgan.
Toshkentda bir kuni Eron farhangi royzanligi biz bilan tamos olib, “Oʻzbekcha-Forscha” va “Forscha-Oʻzbekcha” soʻzliklarning taʼlifi masalasini kundalang, bu ishda biz ikkalamiz(Muhammad Halim va Dr:Shafiqa Yorqinlar)ni munosib, deb topganini aytdi. Ularning aytishicha, Eronning “Shoʻroi gustarish-i zabon Forsiy” idorasi barcha Turkiy jumhuriyatlarda shundoq rejasi bor ekan.
Biz bu ishni qadrlab, darhol yaxshi qarshilab oldik. Biroq Avgʻonistondagi vatandoshlarimiz uchun foydali boʻlgan “Oʻzbekcha-Forscha”siniginga yozishga soʻz berdik. Kelishuvga koʻra, soʻzlik izohli(tashrihi) va lugʻatchilikning eng soʻnggi metodlar va xususiyatlari, chamasi qirq mingta soʻzli boʻlishi kerak edi. Soʻzlik, bir qancha eski va hozirgi Turkcha va Oʻzbekcha soʻzliklar hamda bir va necha tilli soʻzliklar asosida katta hajmda taʼlif etildi.
Buyurtmachi tomoni sharoiti va bitimi(qarordodi)ga koʻra soʻszlik taʼlifida, Oʻzbekiston adabiy tili shevasi va Eron forscha adabiy shevasi asos olinishi, qolaversa yozuv va imlo masalasida ham Oʻzbekiston Lotin yozuvi, imlosi va fonetika va forscha imlo va fonetika rioyat qilinishi lozim edi. Shuning uchun, soʻzlikda Avgʻoniston Oʻzbeklari va Dari shevalari qoʻllanilmagan. Biroq koʻplab soʻzlarda biz farqlarni imkon boricha koʻrsatganmiz; oʻrnak uchun: Oʻzbekistonda “sabzi”, forschada “havij”, Avgʻoniston Oʻzbeklarida “zarjuma” va darida esa “zardak” yo gʻalvir forschada gʻarbol, Avgʻonistonda gʻarbil shakllar berilgan. Yo ham fonetik jihatdan ham farqlar koʻrsatilgan: tabla(tavila), gʻisht(xisht), xolavachcha(xolabachcha), zambil(zanbil) va boshqalar.
Eron forscha imlo qoidasiga koʻra kitobning oti “Farhang-i Oʻzbeki ba Forsiy” deb yozilgan. Bu bizning tilimiz imlo qoidasi emasligi tabiiy, albata. Matindagi Oʻzbekcha oʻrnaklarda(Oʻzbekcha, Oʻzbek, ..) yozilgan. Soʻzlarning joylashtirishi ham Lotin yozuvi asosida boʻlib, qarshisida arabcha yozuvida ham berilgan.
Har holda ish hajmi juda yirik boʻlib, 40000-ga yaqin soʻz, birikma, atama va iboralardan iborat mayda xat bilan 1433 betli izohli bir soʻzlik vujudga keldi. Uni Eronning mashhur va moʻʼtabar intishorot muassasalaridan boʻlgan “Suxan” chiroyli yoʻsinda 1386-yili(Quyosh yili), 2200 nusxa, ikki jildda bosmadan chiqardi.
Bu kitob oʻsha yili Tehronda 40 mamlakatdan ortiq ishtirok etgan xalq aro kitob koʻrgazmasida 1386 yilning 10ta eng yaxshi kitoblari qatoridan maxsus ilmiy komission tomondan tanlanib, biz mualliflarga maxsus sovrin, taqdir lavhi va yorligʻni nasib qildi. Sovrinlarni kobulda Erondan kelgan hayʼat İnterkontinental hotelida tantanali bir yigʻinda topshirdi.
Bundan tashqari, Dr: Shafiqa Yorqin ushbu soʻzlik hamda oʻzining boshqa keng koʻlamli ilmiy va ijodi ishlari tufayli Erondan “Dr: muhammad maʼin”nomli juda moʻʼtabar xalq aro sovrinni ham nasib boʻlgan. Bu moʻʼtabar ilmiy sovrin, tilimiz va elimiz uchun juda ahmiyatli buyuk ilmiy vaqea edi, albata.
Bundoq xalq aro miqyosidagi yutuqlar haligacha Avgʻonistondan na pushtun, na dari va na ham boshqa tillar nasib boʻlgan. Bu yutuqlar, tilimiz boyligi va porloq madaniyatimizning kuchliligi tufayli xalqimizning kamtarin xidmatchilari boʻlgan biz er-xotinning fidoyilarcha mehnati tufayli qoʻlga kelgan, albata. Demak bu muvaffaqiyat, yutuqlar va moʻʼtabar sovrinlar barchamizga, birinchidan Oʻzbek chuchuk tili va uning asl egasi boʻlgan Oʻzbek xalqiga taalluqlidir.
Soʻzlik, kamchiliklardan boʻsh emasligi tabiiy, ayniqsa bundoq katta hajmli va chigal va ogʻir ilmiy ishlarda. Demak, yanglishsiz va nuqsonsiz tangrigina, xalos. Undan tashqari, bu Avgʻonistonda tilimiz uchun nashr boʻlgan birinchi soʻzlik boʻlsa ham, biroq soʻnggisi ham emas. Chunonki biroz oʻtmay turib, Ustod Nurulloh Oltoyning “Oʻzbek Tili Soʻzligi” ham oʻsha yil nashr etildi. Buyuk alloma Mahmud kashgʻari boshlab bergan bu anʼana, tagʻin davom etishi muqarrar. Tilimiz ravojlanib, yuksalib bormoqda. Bilim va taxnik ham doim taraqqida. Shu uchun, yangi soʻzliklarga ehtiyoj topilishi tabiiy.
Ushbu ahvolga qarashli Turkiyada tahsil qilayotgan milli tuygʻuga ega boʻlgan yosh ehsosli yigitlarimiz komputer tarmogʻidagi bilim va tajribalardin foydalanib, “farhang-i Oʻzbeki ba forsi” asarning foydalanish sohasi keng va koʻproq boʻlishi uchun soʻzlikning butun matnini internetda joylashtirganlar. Biz eslangan sevimli yigitlarimizga chin koʻngildan minnatdorlik va chuqur tashakkur bildirib, ularning barcha ezgu ilmiy va milli ishlariga ulugʻ tangridan ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Hurmat bilan (Muhammad Halim Yorqin va Dr: Shafiqa Yorqin)